Maktablar yopiqligi davrida farzandimning taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlash uchun Khan Academyʼdan ota-ona sifatida qanday foydalansam boʻladi?
Ushbu maqolani boshqa tilda oʻqish:
🇦🇲Հայերեն |
Hurmatli ota-onalar,
Bilamizki, maktablar yopiqligi davrida farzandlar taʼlim-tarbiyasi bilan shugʻullanish, uy ishlariga ulgurish, barcha ishlarni oʻz vaqtida bajarish yanada qiyinlashdi.
Bizga maʼlumki, hozirgidek tahlikali zamonda har bir inson uchun sogʻliq va xavfsizlik birinchi oʻrinda turadi. Biz maktablar yopiqligi davrida farzandingizning taʼlim olishni davom ettirishiga yordam berish uchun doim tayyor ekanligimizni bilishingizni xohlardik. Quyida bizga shu kunlarda eng koʻp joʻnatilgan savollar roʻyxati berilgan. Sizda ham boshqa savollar bormi? Ularni bizning qoʻllab-quvvatlash hamjamiyatimizda maʼlum qilishingiz yoki qoʻllab-quvvatlash jamoamizbilan bogʻlanishingiz mumkin.
- Maktab yopiqligi davrida qanday qilib farzandimning oʻqishini toʻgʻri rejalashtirishim mumkin ?
Vazifalarni murakkablashtirmang, shunchaki har kuni 2–3 soat shugʻullanishni maqsad qilib oling. Farzandingiz bilan kuniga bir soat oʻqish bilan va bir soat matematika bilan shugʻullanishdan boshlang (buning barchasi bir vaqtda boʻlishi shart emas). Agar farzandingizda tabiiy fanlar va ijtimoiy fanlar bilan ham shugʻullanishga imkoniyat boʻlsa – bu juda ham yaxshi.
Koʻp oʻquvchilar erta tongda oʻqishni afzal bilishadi, chunki bu vaqt matematika va oʻqish bilan shugʻullanish uchun eng maʼqul vaqtdir. Lekin bu paytda oʻyin va jismoniy mashqlar uchun ham vaqt ajratish juda muhim.
- Qaysi mavzuni oʻzlashtirishni qanday bilishim mumkin (agar hech qanday maktab koʻrsatmasi boʻlmasa)?
Farzandingizning uyga vazifasiga qarang va ulardan darsda oʻtilgan mavzularni koʻrsatishini soʻrang .
Farzandingiz bilan suhbatlashing va shu vaqtgacha oʻtilgan mavzularni qanchalik oʻzlashtirganini bilib oling. Shu tariqa siz oʻtilgan mavzuni takrorlash kerakligi yoki yangi mavzu bilan davom ettirish kerakligini bilib olasiz. Khan Academyʼda siz boshlash uchun darslarni oʻzingiz tanlashingiz mumkin va keyingi darslarga bogʻliq tavsiyalar avtomatik tarzda paydo boʻladi.
Khan Academy AP chuqurlashtirilgan kurslar darslari bilan shugʻullanayotgan va/yoki SAT sinovlariga tayyorgarlik koʻrayotgan yuqori maktab oʻquvchilari uchun eng ommabop AP chuqurlashtirilgan kurslari va rasmiy SAT sinovlariga tayyorgarlik mashgʻulotlarini taklif etadi.
- Agar menda farzandlarim bilan shugʻullanishga imkon boʻlmasa-chi?
Farzandlaringiz Khan Academy bilan dars qilganida ularga bajarilgan vazifalar yuzasidan tezkor fikr-mulohazalar joʻnatiladi. Agar oʻquvchilar xato javoblar bersa, ularga koʻrsatmalar, bosqichma-bosqich ishlangan namunaviy misollar va mavzuga doir oʻquv videolari beriladi.
Bugungi kunda juda koʻp onlayn taʼlim manbalari mavjud. Common Sense Media’ning tavsiya etilgan taʼlim veb saytlariroʻyxati bilan tanishib chiqing.
Agar farzandingiz hali juda kichkina boʻlsa va koʻp narsa bilan shugʻullanishning iloji boʻlmasa, uyqu vaqtidan 15–30 daqiqa oldin birgalikda oʻqish bilan shugʻullaning.
- Mavzu bilan yaxshi tanish boʻlmay turib, farzandimga qanday yordam berishim mumkin?
Mavzu bilan yaxshi tanish boʻlmaslik muammo boʻlmaydi. Hozir farzandingiz uchun qiziquvchan boʻlish va yangi narsalarni oʻrganishda namuna boʻlishning ayni vaqti. Siz: “Men barcha javoblarni bilmayman, mavzuni birgalikda oʻrganish yoʻllarini topaylik”, deyishingiz mumkin. Khan Academyʼda siz maʼlum mavzuni topish uchun qidirish panelidan foydalanishingiz mumkin, masalan: “mos keladigan burchaklar”.
Agar siz yoki farzandingiz oʻrganish jarayonida qiyinchilikka duch kelsangiz, buning tabiiy holat ekanligini yodda tutishingiz kerak. Oʻrganish bu “samarali kurash” jarayonidir.
- Qanday qilib oʻzim uyda ishlayotganimda farzandimning taʼlim olishini nazorat qilishim mumkin?
Farzandingiz bilan birgalikda oʻtkazish uchun 1x1 vaqt belgilab qoʻying. Bu birgalikda kitob oʻqish vaqti, kun davomidagi birgalikda oʻtkaziladigan tanaffuslar yoki tushlik vaqti boʻlishi mumkin. “Birgalikda oʻtkaziladigan vaqt” belgilab qoʻyish boshqa vaqtlarda ham (imkoni boʻlganda) ushbu chegarani saqlashga yordam beradi.
Ammo ular – bolalar, toʻgʻrimi? Ota-ona sifatida bilamizki, farzandli boʻlish doimo ishdan chalgʻitilishni anglatadi. Ish jarayonida bezovta qilish borasida ham aniqroq boʻlish kerak. Eshikni taqillatishni soʻrash yoki “telefonda suhbatlashayotganimda qoʻlimdan ushlab yigirmagacha sana” kabi oldindan kelishilgan signallar shular jumlasidandir.
Biz tekshiruv roʻyxatidan koʻp foydalanishimiz haqida aytib oʻtdikmi? Kattaroq yoshdagi bolalar tekshiruvlar roʻyxati yordamida koʻproq mustaqil shugʻullanishlari mumkin. Farzandingiz yoningizga “Zerikdim, nima qilishni bilmayapman”, deb kelsa, ularni boʻsh vaqtini unumli oʻtkazishlari uchun roʻyxatdan foydalanishga undang.
Yana bir bor ota-ona sifatida gapiradigan boʻlsak, har doim ham keskinliklar yuzaga kelishi ehtimoli bor. Birdan jahl qilib, oʻzimizni yoʻqotib qoʻyishimiz mumkin. Bu barchamizning boshimizdan oʻtgan. Shunday paytlarda buni ham bir dars sifatida qabul qilishimiz va qanday uzr soʻrash borasida farzandimizga oʻrnak boʻlishimiz kerak. Bitta taklif: “Baqirganim uchun uzr soʻrayman. Men juda asabiylashayotgan edim, buning oʻrniga yengil yugurishga chiqishim kerak ekan. Balki ikkalamiz tugmani yana qayta bosarmiz?”
Va nihoyat, oʻzingizni ham oʻylang. Mukammal ota yoki ona boʻlishning iloji yoʻq, lekin yaxshi ota-ona boʻlishning minglab usullari bor.
- Biz yana qanday yordam berishimiz mumkin?
Biz maktablar yopiqligi davrida ota-onalar va farzandlar duch kelayotgan eng muhim muammolarni tushunish uchun harakat qilmoqdamiz. Iltimos, sizni oʻylantirayotgan savollarni bizga ham yoʻllang. Yaqin kunlar va haftalar ichida sahifalarimizni tekshirib turing, chunki biz siz uchun manbalarimizni yangilab boramiz.
Hurmat bilan,
Khan Academy jamoasi