Vazifalar hisobotidan foydalanish boʻyicha yoʻriqnoma
Vazifalar hisoboti sinf va oʻquvchilaringizning natijalari hamda oʻzlashtirishini koʻrish, shuningdek, ular tushunmagan qismlarni aniqlash imkonini beradi. Hisobotni ochish uchun “Oʻqituvchi boshqaruv paneli”ga oʻting va vazifalari mavjud boʻlgan sinfni tanlang.
Endi siz natijalar va oʻzlashtirishni oʻquvchilar boʻyicha ham, vazifalar boʻyicha ham koʻrishingiz mumkin.
Video yakunlangani toʻgʻrisida hisobot
Hisobotda birinchi koʻrishingiz kerak boʻlgan narsa – vazifalar boʻyicha toʻplangan ballardir. Uni koʻrish uchun chap yon paneldagi “Vazifalar” boʻlimidan “Ballar”ni tanlang. Sahifada oʻquvchilar roʻyxati vertikal holda, topshiriqlar roʻyxati gorizontal holda keltirilgan. Video topshiriqlar esa ustida “play” belgisi bilan ajratib koʻrsatilgan. Agar oʻquvchi topshirilgan videoni tugallagan boʻlsa, uning ismi roʻparasidagi – oʻsha video topshiriq ostidagi katakcha belgilangan boʻladi.
Video yakunlanganligi haqidagi hisobotni “Vazifalar” boʻlimidagi “Boshqarish” sahifasidan ham koʻrish mumkin. Buning uchun sahifaga oʻtib, kerakli vazifa toʻgʻrisidagi – “Tugallangan” yozuvi ostidagi koʻk rangli kasr son ustiga bosing. Shunda videoni tugallagan oʻquvchilar ismi koʻrinadi.
Yakunlangan video haqida hisobotga misol:
Eslatma: agar oʻquvchilar videoni oʻrtadagi baʼzi bir qism(lar)ini tashlab ketib, oʻtkazib yuborgan holda yoki akkauntiga kirmasdan tomosha qilgan boʻlsa, ularning harakatlari hisobotda yakunlangan sifatida aks etmaydi. Lekin video tezligini oshirgan holda boʻlsa ham, toʻliq va oxirigacha koʻrishsa, u hisobotingizda yakunlangan sifatida belgilanadi.
Maqola yakunlangani toʻgʻrisida hisobot
Xuddi shunday hisobot maqolalar uchun ham mavjud. “Vazifalar” boʻlimidagi “Ballar” sahifasini ochsangiz, maqola koʻrinishida berilgan vazifalar ustida sahifa belgisi borligini koʻrasiz. Maqolani tugallagan oʻquvchining ismi toʻgʻrisidagi katakcha esa belgilangan boʻladi.
“Boshqarish” sahifasida, xuddi videodagi kabi, “Tugallangan” yozuvi ostidagi koʻk rangli kasr sonlarning ustiga bosish orqali qaysi oʻquvchilar maqolani oʻqiganligini bilib olasiz.
Yakunlangan maqola toʻgʻrisida hisobotga misol:
Eslatma: videolarda ham, maqolalarda ham hisobot ularning yakunlanganligini koʻrsatadi, xolos. Lekin siz yo Khan Academyʼdagi, yo sinfdagi mashqlar bilan ularning mavzuni qanchalik tushunganligini tekshirib koʻrishingiz mumkin.
Mashq bajarilganligi toʻgʻrisida hisobot
Xuddi video va maqola topshiriqlarida boʻlganidek, mashqlarning bajarilganini “Ballar” sahifasida ham, “Boshqarish” sahifasida ham tekshirishingiz mumkin. Agar “Ballar” sahifasida koʻradigan boʻlsak, mashq koʻrinishida berilgan vazifalarning ustida qalam belgisi aks etgan boʻladi. Istalgan oʻquvchingizning bahosi ustiga bosib, hisobotni koʻrishingiz mumkin.
Eslatma: bu sizga bir oʻquvchining bajargan mashqlari toʻgʻrisida maʼlumot beradi. Butun sinf koʻrsatkichlarini koʻrish uchun “Boshqarish” sahifasiga oʻtishingiz kerak.
Oʻquvchining bali ustiga bosishingiz bilan, mashq boʻyicha batafsil hisobotga kirasiz. U yerda oʻquvchi birinchi va soʻnggi urinishlarida qanday javob tanlaganligi koʻrsatilgan. Bu esa birinchi navbatda, oʻquvchining notoʻgʻri tushunchalarni aniqlab olishingiz uchun yordam beradi.
Shuni unutmaslik kerakki, bu oʻrinda “Urinish” soʻzi maʼlum bir savolning javobini topishga boʻlgan harakatni ifodalaydi, mashqni necha marta bajarib koʻrilganini emas. Masalan, agar oʻquvchi mashqni bir necha marta bajarib koʻrib, birinchi urinishda toʻgʻri belgilab, keyingilarida xato javob bergan boʻlsa ham, “Dastlabki urinish” sahifasida toʻgʻri deb belgilanadi. Oxirida oʻquvchilar toʻgʻri bajargan (maslahat olmagan va oʻtkazib yubormagan holda) har qanday vazifa ularning “Soʻnggi urinish”ida toʻgʻri sifatida aks etadi.
Hisobot “Boshqarish” sahifasidan koʻrilganda, istalgan mashq roʻparasidagi “Tugallangan” ustunida koʻk rangli kasr sonlar ustiga bosish kifoya.
Eslatma: eʼtibor bergan boʻlsangiz, bu yerda mashqning oʻquvchilar uchun “Har xil savollar toʻplami” yoki “Bir xil savollar toʻplami”dan iboratligi ham koʻrsatilgan.
Bu hisobot sizga bir qancha narsalar haqida maʼlumot beradi. Jumladan:
- Tugallash sanasi. Bu har bir oʻquvchi vazifani belgilangan muddatdan oldin bajargan yoki bajarmaganligini aniqlashda yordam beradi.
- Urinishlar. Oʻquvchi mashqni necha marta bajarganligini koʻrsatadi.
- Eng yaxshi natija. Har bir mashq odatda toʻrttadan yettitagacha savolni oʻz ichiga oladi. Bu hisobotda har bir oʻquvchining mashq davomidagi urinishlar boʻyicha eng yaxshi natijasini koʻrishingiz mumkin. Masalan, oʻquvchi birinchi urinishda yettitadan ikkitasini, keyin yana bir bor urinib, yettitadan beshtasini toʻgʻri topgan boʻlishi mumkin. Bunda 5/7 eng yaxshi natija sifatida qayd etiladi. Bu tizim oʻquvchilarni tirishqoqligi va xatosi ustida ishlagani uchun mukofotlashga yordam beradi.
- Hisobotni koʻrish. Bu havola oʻquvchi mashqdagi har bir savolga qanday javob berganligini koʻrsatadi. Bu, ayniqsa, individual mashgʻulotlar vaqtida juda foydalidir. Shuningdek, yuqorida taʼriflangan bu sahifadagi “dastlabki” va “soʻnggi” urinish oʻlchovini qanday tushunish kerakligini unutmang.
- Shuningdek, siz ushbu maʼlumotlarning CSV faylini yuklab olishingiz mumkin. Bu funksiyani yuqori oʻng burchakdagi tugma orqali amalga oshirishingiz hamda vazifa boʻyicha barcha maʼlumotlar jamlangan sahifaga kirishingiz mumkin.
Oʻquvchilar uchun mashqlarni tugallashning uch darajasi mavjud:
- 70% dan kam toʻgʻri javob. Agar oʻquvchi 70% dan kam toʻgʻri javob bersa, Khan Academy bu mashqni bajarilgan deb hisoblamaydi. Agar bu oʻquvchi mashqda erishgan eng yuqori ball boʻlsa, unda mashq yonidagi yulduz kulrangligicha qoladi.
- 70 dan 99 % gacha toʻgʻri javob. Bu natija “Mashq qilingan” deb belgilanishi uchun standartga mos keladi. Bu ball bilan yulduz koʻk rangga kiradi, lekin uning atrofidagi tashqi halqa kulrangligicha qoladi.
- 100 % toʻgʻri javob. Bunda oʻquvchi savollar toʻplamini 100 % toʻgʻri bajargan boʻladi. Yonidagi yulduz ham, tashqi halqa ham koʻk tusga kiradi.
Alohida savollar boʻyicha hisobot
Agar oʻquvchi bajargan barcha savollar toʻplamini koʻrishni istasangiz, “Hisobotni koʻrish” tugmasini bosing.
Eslatma: savollar toʻplami bir oʻquvchi bajarishi talab etiladigan savollar sonidan koʻp. Bu shuni anglatadiki, agar siz har bir oʻquvchiga boshqa-boshqa savollar bergan boʻlsangiz, ularning hammasi jamlanganda har biriga berilganidan ancha koʻp boʻladi.
Siz yuqorida keltirilgan, maʼlum oʻquvchi boʻyicha batafsil hisobotga oʻxshash sahifaga kirasiz. Lekin bu safar yuqori burchakdagi oʻquvchining ismi oʻrnida “Barcha oʻquvchilar” buyrugʻi oʻrnatilgan boʻladi.
Toʻgʻri javoblar haqidagi hisobot
Har bir oʻquvchi har bir savolga qanday javob berganligini koʻrish uchun hisobotning yuqori oʻng qismidagi “Javobni koʻrish” tugmasini bosing. Shundan soʻng u “Javobni berkitish” ga oʻzgaradi. Bu hisobot, ayniqsa, kelgusi oʻquv rejalarini oʻzgartirish, guruhlar tuzish yoki butun sinf uchun qiyinchilik tugʻdirayotgan qoidalarni qayta koʻrib chiqish uchun foydali boʻladi.